Surgil konida strategik ahamiyatga ega energetika loyihasi amalga oshirilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasida O‘zbekiston energetika xavfsizligini ta’minlash tizimidagi asosiy obyektlardan biri bo‘lgan “Surg‘il” siquv kompressor stansiyasini (SKS) qurish loyihasining umumiy qurilish va montaj ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi.

Siquv kompressor stansiyasi Surgil konidagi tabiiy gaz bosimini oshirish va keyinchalik qayta ishlash maqsadida Ustyurt gaz-kimyo majmuasiga yuborish uchun mo‘ljallangan. Ushbu majmuada xomashyo gazi tarkibidan ajratib olinadigan qimmatbaho komponentlardan polimerlar ishlab chiqariladi. Loyihaning gazni komprimirlash (siqish) bo‘yicha yillik quvvati 1,8 mlrd metr kub yoki sutkasiga 4,8 mln metr kub gazni tashkil etadi.
Loyihaning bosh pudratchisi Enter Engineering kompaniyasi bo‘lib, u samaradorlik va ishonchlilikni oshirishga qaratilgan zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etib kelmoqda.

Loyihaga ko‘ra, siquv kompressor stansiyasi Baker Hughes kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ikkita parallel ishlaydigan gaz haydash agregatidan iborat.
Ayni vaqtda yangi quvvatlarni barpo etish bo‘yicha umumiy qurilish va montaj ishlari yakunlangan. Gaz haydash agregatlarini ishga tushirish va sozlash ishlari boshlandi.
Kompressor stansiyasining ishga tushirilishi Surgil konida gaz qazib olish hajmini sezilarli darajada oshirish hamda Ustyurt GKM ga tabiiy gazni barqaror yetkazib berish orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun qo‘shimcha resurs bazasini shakllantirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, yangi quvvatlar Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi konlaridan past bosimli gazni siqishga yo‘naltirish hisobiga gaz qazib olishni ko‘paytirish uchun imkon yaratadi.

Ushbu loyihani amalga oshirish nafaqat strategik, balki muhim ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Tabiiy gaz qazib olish hajmining o‘sishi aholi, korxonalar va ijtimoiy muassasalarni ishonchli energiya manbai bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, shuningdek, hududlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qilmoqda.