Eng yaxshi kasaba uyushma qo'mitasi aniqlandi

08.11.2023
Поделиться:

Mamlakatimizda mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlarning boshida turgan nufuzli ijtimoiy kuch sanalgan kasaba uyushma qo‘mitalari faoliyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buni davlat rahbari tomonidan 11-noyabrni O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni deb e’lon qilinishi va unga davlat bayrami maqomi berilishi ham tasdiqlaydi.  

Bayram arafasida amalga oshirilgan ishlar haqida gapirish, ilg‘or mutaxassislarni taqdirlash yaxshi an’anaga aylangan. Bu yil ham an’anaga sodiq qolindi. 6-noyabr kuni «Bunyodkor» ofisining EnergyChina anjumanlar zalida Energetika, neft-gaz va geologiya sohalari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan o‘tkazilgan «Eng namunali boshlang‘ich tashkilot» ko‘rik-tanlovi g‘olib va ​​sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Taqdirlash marosimida Respublika kengashi mas’ul xodimlari S. Egamberdiev va R. Jo‘raev, Enter Engineering bosh direktor o‘rinbosari, ma’muriy directori T. Abdullayev, «E.E.F.S.» qoʻshma k/q raisi A. Yunusov, HSE departamenti boshlig‘i Sh. Xodjayev, kompaniya kasaba uyushmasi raisi va a’zolari ishtirok etishdi.

Tanlovning asosiy maqsadi — mamlakatimizdagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda ishlayotgan ilg‘or birlamchi kasaba uyushmalarini aniqlash va rag‘batlantirish, ularning tajribasini targ‘ib qilish, muassasa hayotida birlamchi kasaba uyushmasi qo‘mitalarining ahamiyati va o‘rnini yanada oshirishdan iborat.

Taʼkidlash joizki, ushbu nufuzli tanlovda Enter Engineering kompaniyasining kasaba uyushma tashkiloti g‘olib bo‘ldi. Bu natija shunisi bilan qadrliki, mazkur tanlovda Energetika, neft-gaz va geologiya sohasi xodimlari kasaba uyushmalari respublika kengashiga aʼzo boʼlgan 320 ta birlamchi kasaba uyushma qo‘mitalari ishtirok etdi.

Shuningdek, tadbir doirasida kompaniya kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Bobir Kenjaev va bosh mutaxassisi Klara Hamraevalarga soha rivojiga qoʼshgan ulkan hissalari uchun tantanali ravishda maxsus diplom va faxriy yorliq topshirildi.

Biz Enter Engineering kompaniyasining kasaba uyushma qo‘mitasining faol va jonkuyar xodimlarini ushbu muvaffaqiyat bilan samimiy tabriklaymiz, ularga sihat-salomatlik, yaxshi kayfiyat hamda kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz!

Biz ham tavsiya qilamiz