«Qon topshir – hayot in’om et!»

20.05.2022
Поделиться:

Enter Engineering xodimlari jonbozlik bilan donorlik qilgan yana bir xayriya aksiyasi aynan mana shunday shior ostida bo‘lib o‘tdi. Ushbu xayriya tadbiri poytaxtdagi «Qon preparatlari» ilmiy-ishlab chiqarish korxonasining faol ishtiroki bilan kompaniyamizning yirik qurilish maydonlaridan biri – Toshkent viloyatidagi OKMK bazasida qurilayotgan 3-MBFda tashkil etildi. 12 may kuni «Qon preparatlari» IIKning yuqori malakali tibbiyot xodimlari va maxsus jihozlangan avtobusidan iborat ko‘chma jamoasi 3-MBF ga tashrif buyurdi. 

Obyektning tibbiy korpusida tadbirni har tomonlama unumli o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar oldindan muhayyo etildi. Donorlik qilish istagini bildirgan xodimlar tegishli tarzda tibbiy ko‘rikdan o‘tdilar hamda ko‘chma tibbiyot brigadasining gematolog xodimlaridan maslahat oldilar. Tadbir ishtirokchichi bo‘lgan 91 nafar xodimimizdan uch nafarigina turli obyektiv sabablarga ko‘ra donorlikka qo‘yilmadi, qolgan 88 nafar xodimlar esa mamnuniyat bilan donor bo‘ldilar. Har bir ishtirokchi qon va qon asosidagi preparatlarga ehtiyoji bo‘lgan bemorlarga ko‘maklashish va donorlikni targ‘ib qilish maqsadida bu insonparvarlik tadbirida faol qatnashishga qaror qilgandi.

«Qon preparatlari» IIK direktori, tibbiyot fanlari doktori NPP Ubaydullayeva Zuxra Ibragimovna Enter Engineering rahbariyati va jamoasiga olijanoblik va faol fuqarolik pozitsiyasi uchun samimiy minnatdorchilik bildirar ekan, jumladan, quyidagilarni ta’kidladi:

««Qon topshirish uchun donor bo‘lish – juda mas’uliyatli va xayrli ish, bu turli sabablarga ko‘ra jabrlangan, opersiya bo‘lgan, baxtsiz hodisalarda jarohatlangan juda ko‘p sonli katta va kichik yoshdagi bemorlarni oyoqqa turg‘azish, hattoki hayotini saqlash yo‘lida har bir inson jazm qilishi mumkin bo‘lgan muhim qadamdir. Bundan tashqari, qon topshirish donorning o‘zi uchun ham oydadan xoli emas, chunki qon topshirilganda inson tanasida qon yangilanadi, natijda barcha a’zolar chiniqadi, shuningdek, insonning ruhiy-emotsional holati ham yaxshilanadi.

Bizning tibbiyot muassasamiz ma’muriyati bugungi aksiyaning har bir ishtirokchisiga o‘zgalarning tashvishiga befarq bo‘lmay, kimningdir salomatligi, hayotini asrash uchun o‘z qoningizni ulashgani uchun minnatdorchilik bildiramiz».».

Eslatib o‘tamiz, bu Enter Engineering jamoasi ishtirokidagi birinchi donorlik aksiyasi emas. Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 12 mart kuni Respublika qon quyish markazida ham , «Faxrli inson» xayriya jamg‘armasi ko‘magida xuddi shunday tadbir o‘tkazilgan ». va unda kompaniyamizning 94 nafar ishchi-xodimi donor sifatida ishtirok etgandi.

Biz kelgusida ham shu kabi xayrli tadbirlarni o‘tkazishga alohida e’tibor qaratgan holda, xayrli ishga hissa qo‘shishni istovchilarni donor bo‘lishga da’vat etamiz. Birgalikda insonlarga ko‘mak beramiz! 

 

 

 

 
Biz ham tavsiya qilamiz