Mehr ko‘rsatish o‘z qo‘limizda!

19.01.2022
Поделиться:

«Enter Engineering»ning eng muhim tadbirlaridan biri bu mamlakatning ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishdir. Jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar va hayotiy sharoiti og‘ir oilalarni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida kompaniya tomonidan muntazam ravishda xayriya tadbirlari va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan marosimlarni tashkil etiladi.

14 yanvar kuni «Humo Arena» muz saroyida Toshkent shahar «Mehribonlik» ijtimoiy o‘zaro yordam nogironlar jamiyati a’zolari uchun navbatdagi xayriya tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordam ko‘rsatishdan iborat. Aksiya doirasida ushbu jamiyat otalig‘ida bo‘lgan insonlarga oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

COVID-19 pandemiyasi sharoitida karantin choralari kuchaytirilgani tufayli «Mehribonlik» jamiyatining Yakkasaroy, Chilonzor, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli va Mirobod tumanlari bo‘limlari yetakchilari va ba’zi a’zolari hamda Yakkasaroy tumanining «Ko‘zi ojizlar jamiyati» vakillari taklif etildi. Ushbu tashkilotlar nodavlat notijorat muassasalari hisoblanib, o‘z safida nogironlar, kam ta’minlangan oilalar va nogiron bolalarni birlashtiradi.

«Mehribonlik» ijtimoiy o‘zaro yordam nogironlar jamiyati Yakkasaroy tumani bo‘limi rahbari Zulfiya Yoqubova bunday xayriya tadbirlarini o‘tkazishning ulkan mohiyati va ijtimoiy ahamiyati haqida ta’kidlab o‘tdi. «Enter Engineering» kompaniyasiga g‘amxo‘rlikka muhtoj kishilarga ko‘rsatilayotgan mehribonlik va e’tibor uchun samimiy minnatdorchik bildirib, bunday yordam, ayniqsa, qishki mavsumda oilalarga ayni muddao bo‘lishini aytdi.  

Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan bolalar jarangdor kulgilari bilan barchaning kayfiyatini ko‘tarishdi, zero insonlar uchun moddiy qadriyatlardan tashqari, atrofdagilarning e’tibori ham ulkan madadga aylanadi. 

Eslatib o‘tamiz, 3 dekabr Xalqaro nogironlar kuni arafasida «Mehribonlik» jamiyatiga a’zo bo‘lgan imkoniyati cheklangan insonlar uchun kompaniya tomonidan xayriya aksiyasi o‘tkazilgan edi. «Enter Engineering» kompaniyasi kelajakda ham o‘zining xayriya faoliyatini davom ettirishga tayyor. Yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning taqdirida ishtirok etish orqali dunyoni yaxshilik bilan to‘ldirish ezgu amaldir.

Mehr ko‘rsatish o‘z qo‘limizda!

 

 

 
Biz ham tavsiya qilamiz