«Mashhurlar bilan suhbat»

24.06.2021
Поделиться:

Bizning birinchi suhbatdoshimiz o‘zbek sporti afsonasi, dunyoga taniqli sportchimiz – Oksana Chusovitina bo‘ldi.

Yaqinda 46 yoshni qarshilagan Oksana Chusovitina musobaqalarda yosh sportchilardan o‘zgan holda ajoyib natijalar ko‘rsatishi bilan ekspertlar va ishqibozlarni hayratga solishda hamon davom etmoqda. Oksana Aleksandrovna – nafaqat mamlakatmizda, balki xorijda ham eng mashhur sportchilardan biri bo‘lib, xalqaro sport musobaqalarida eng ko‘p marta shohsupaga ko‘tarilgan o‘zbekistonlik yagona sportchi ayol sanaladi. U 1992 yilda jamoa tarkibida Olimpiada chempioni, uch karra jahon chempioni, Yevropa va Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi (1991 y.). Oksana Chusovitina nomi sport gimnastikasi bo‘yicha Xalqaro shon-shuhrat zalida, shuningdek yettita olimpiada (1992 y., 1996 y., 2000 y., 2004 y., 2008 y., 2012 y., 2016 y.) yagona ishtirokchisi sifatida Ginnes rekordlar kitobida qayd etilgan.

23 iyul kuni ochilgan navbatdagi «Tokio-21» olimpiadasi Chusovitinaning sakkizinchi olimpiadasi. Oksana Aleksandrovna vaqti juda tig‘iz bo‘lishiga qaramasdan Olimpiada qishlog‘i (Yaponiya)dan turib bizga telefon orqali intervyu berishga rozi bo‘ldi.

- Oksana Aleksandrovna, Olimpiada qanday o‘tmoqda?

- Kecha Olimpiadaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Eng katta sport tadbiri yuqori darajada tashkil etilgan, biz uchun hamma sharoitlar yaratilgan. Bemalol mashg‘ulotlarni o‘tkazish, dam olish mumkin. Tashkilotchilarga hech qanday e’tiroz yo‘q.

- Karantin sharoiti, muxlislar va ularning qo‘llab-quvvatlishisiz o‘rtaga chiqish g‘alabaga bo‘lgan intilishingizga ta’sir ko‘rsatmayaptimi?

- Bilasizmi, muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi, olqishisiz sportchiga juda qiyin. Lekin men o‘z muxlislarim, vatandoshlarimning ma’naviy quvvatini his qilyapman va bu menga kuch bag‘ishlamoqda. Qolaversa, bu yerda boshqa sportchilar bilan bir xil sharoitdamiz. Biz, umuman, mana shu olimpiadaning ayni paytda o‘tkazilayotganiga xursandmiz, axir uni keyinga qoldirish ehtimoli ham yo‘q emasdi. Bizni tomoshabinlar televizor orqali ko‘rib turishibdi. G‘alaba uchun bor imkoniyatimni namoyish etishga harakat qilaman.

- Kuningiz qanday rejalashtirilgan?

- Biz uchun mashg‘ulotlar jadvali tuzilgan, barcha sportchilar turli potoklarda chiqish qilishmoqda. Jamoamiz jadval doirasida ishlamoqda. Olimpiada qishlog‘idan chetga chiqish yo‘q, odatdagidek, hamma jarayonlar boshqa olimpiadalarda joriy etilgan tartibda kechmoqda.

- Bu olimpiada boshqalaridan nimasi bilan farqli?

- Shaxsan men uchun bu olimpiada sportdagi kareramda so‘nggi olimpiada ekanligi bilan muhim. Bu musobaqalardan keyin men sportchi sifatida faoliyatimni to‘xtataman. Bilasizmi, balki shuning uchun bo‘lsa kerak, ruhiyatimda ham quvonch, ham qayg‘u hissini tuyyapman. Aslida, bunday holat barcha sportchilarda bo‘ladi. Bu safargi chiqishlarim yakuniy chiqishlar ekani, qaytib olimpiada sahnasiga chiqolmasligim tufayli bo‘lsa kerak bu...

- Ijtimoiy tarmoqlarda bu safargi olimpiada doirasida «erkaklar badiiy gimnastikasi» musobaqalari bo‘lib o‘tishi haqida xabar tarqaldi…

- Mish-mish xabar bo‘lsa kerak. Bu yerda, Tokioda erkaklar badiiy gimnastikasi, degan gapni eshitmadim. Bunday musobaqalar bo‘lmaydi, bu aniq!

- Muvaffaqiyatlar sari intilishda Sizni nima ilhomlantiradi, kuch bag‘ishlaydi?

- Biron bir e’tirofga arzigulik yutuqqa erishgan har bir sportchiga yordam bergan narsa menga ham yordam beradi, bu - sportni sevish hissi. Men sport gimnastikasini juda sevaman, unga butun borlig‘imni bag‘ishlaganman. Va hamisha shunday bo‘lib qoladi!

- Sportdagi karerangizni tugatgach pedagog-trener sifatida faoliyat yuritishni rejalashtirgan bo‘lsangiz kerak. Yosh sportchilarda qanday sifatlarni tarbiyalash muhim deb hisoblaysiz?

- Yosh sportchilarga mehnatsevarlik va qat’iylik kabi sifatlarni singdirish shart, deb hisoblayman. O‘zidagi ojizliklarni yenggan holda maqsad sari intilish, har qanday vaziyatda, hatto juda qiyin bo‘lganda ham, ortga chekinmaslik kerak. Sportchining ruhiyati tushganda, o‘z orzusi tomon kichik bo‘lsa-da, qadam tashlay olish hamisha juda muhim. Umuman olganda, bu sifatlar har qanday kasb-korda ham muvaffaqiyat garovidir. Kelgusidagi rejalarimga kelsak, olimpiadadan keyin oilamiz bilan dam olmoqchimiz. Keyin esa istiqboldagi ishlar haqida o‘ylaymiz. Aytishadiku, «Omon bo‘lsak – ko‘rarmiz», deb...

- Bizning kompaniyamiz sha’niga tilaklaringiz bo‘lsa, eshitishni juda xohlardik.

- «Enter Engineering» kompaniyasining loyihalari to‘g‘risida ko‘p eshitganman. Bunyodkorlik har doim olijanob ish hisoblangan. Kompaniyaga, albatta, katta yutuqlar va barqarorlik tilayman. Hamisha faqat olg‘a bosinglar!

- - Rahmat! Kompaniyamiz safida yigirma besh mingga yaqish ishchi-mutaxassislar ishlaydi. Ayni paytda ularning har biri, ya’ni «Enter Engineering» kompaniyalar guruhining butun jamoasi Sizga omad tilamoqda. Musobaqalarda omad yor bo‘lsin Sizga! Olimpiada olimpini yana bir bor zabt eting va Sizning sha’ningizga O‘zbekiston bayrog‘i baland ko‘tarilib, gimnimiz yangrasin!

 
Biz ham tavsiya qilamiz