Kichik, ammo muhim obyekt

22.01.2024
Поделиться:

Enter Engineering kompaniyalar guruhi tomonidan barpo etilgan «Silk Road Samarkand» Samarqand sayyohlik markazi allaqachon o‘zini Sharqning o‘ziga xos koloriti qayta yaratilgan yangi muhtasham maskan sifatida ko‘rsata olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu yerda dam olish, sayyohlik va ishbilarmonlik aloqalari uchun ajoyib sharoitlar yaratilgan bo‘lib, har bir mehmon samimiylik va mehmondo‘stlik muhitiga tushib qoladi.

Bugungi kunda Enter Engineering mutaxassislari tomonidan SSM infratuzilmasini tartibga solish va kengaytirish ishlari davom etmoqda. Xususan, majmuadagi bir qator yangi inshootlar qatorida xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar uchun yotoqxona binosi barpo etilmoqda. Bu yerda o‘tgan yilning iyul oyida boshlangan ishlar faol bosqichga o‘tib, taxminiy yakunlash muddati joriy yilning aprel oyiga belgilangan.

Bunyod etilayotgan 6 qavatli binoning loyihasi Oiland Gasdesign kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Ayni bosqichda umumiy qurilish ishlari olib borilmoqda, xususan, reja asosida binoning ichki qismi jihozlanmoqda. Maydonda 100 dan ortiq ishchi-xodimlar mehnat qilmoqda, shuningdek, obyekt zarur maxsus texnika bilan taʼminlangan.

— Ushbu bino SSMning yagona meʼmoriy ansambliga juda mos tushadi, — deydi Umumiy qurilish ishlari bo‘yicha uchastka boshligʻi Mizrob Raimov. — Bu obyekt katta infratuzilmaviy ahamiyatga ega. Maʼlumki, «Silk Road Samarkand» majmuasining asosiy obyektlari 8 ta zamonaviy mehmonxona boʻlib, ular bir vaqtning oʻzida 3000 nafar mehmonlarni qabul qila oladi. Ularga xizmat ko‘rsatish uchun 24/7 rejimda ishlaydigan katta jamoa shakllantirilmoqda. O‘z navbatida 500 o‘rinli shinam yotoqxona qurmoqdamiz, bu yerda odamlar to‘liq dam olishlari, shuningdek, tashkiliy-ishlab chiqarish masalalarini samarali hal etishlari mumkin bo‘ladi. Birinchi qavatda katta majlislar zali va 105 operator uchun «оpen space» bo‘ladi, yuqori qavatlar esa butunlay turar-joy uchun ajratilgan.

Bu yerda ishlar qizg‘in davom etmoqda, uning qurilishini sifatli va o‘z vaqtida yakunlab, foydalanishga topshirish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Biz esa quruvchilarning inoq jamoasiga kuch, g‘ayrat va loyihani muvaffaqiyatli yakunlashini tilab qoldik.

Biz ham tavsiya qilamiz