Etnosport festivаli

13.09.2023
Поделиться:

Qadimiy va tengsiz Xiva shahrida 7-10-sentyabr kunlari xalqaro etnosport festivali boʼlib oʼtdi.

Mamalkatimizda ilk bor oʼtkazilgan keng koʼlamli ushbu tadbirda YuNESKO, TYuRKSOY, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi va unga aʼzo davlatlar vakillari, shuningdek 63 ta mamlakatdan tashrif buyurgan 930 nafar etnosportchilar ishtirok etishdi, bunday qizgʼin ishtirok festivalga nisbatan butun dunyoda uygʼongan katta qiziqishdan dalolat boʼldi. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev festival ishtirokchilariga katta tabrik nutqi yoʼlladi. Xususan, unda ushbu tadbirning mamlakatimizda milliy sport turlari rivojiga katta turtki boʼlishi alohida eʼtirof etildi. Shuningdek, festivalning faxrli mehmonlari qatorida Turkiya Respublikasi prezidenti Redjep Erdogʼanning oʼgʼli Najmiddin Bilol Erdogʼan ham tashrif buyurdi. 

Festival tadbirlari doirasida konferentsiyalar, koʼrgazmalar, turli milliy sport turlari boʼyicha bellashuvlar va boshqa koʼplab qiziqarli tadbirlar boʼlib oʼtdi. Ulardan biri mas-restling boʼyicha V jahon chempionati musobaqalarida 16 mamlakatning 175 nafar sportchilari ishtirok etdi. Sportchilar uch kun davomida uchta yosh guruhlarida kuch sinashdilar: erkaklar va ayollar, oʼsmir oʼgʼil bolalar va qizlar, faxriy toifadagi erkaklar va ayollar.

Mas-restling yoki boshqacha aytganda, tayoq tortish milliy sport turlaridan biri boʼlib, keyingi paytda koʼplab mamlakatlarda jadallik bilan ommalashib bormoqda. Oʼyinning mohiyati shundaki, bellashuv ishtirokchilari bir-birlariga qarama-qarshi yuzlangan holda oʼrtaga qoʼyilgan va bellashuv maydonini ikkiga boʼlib turgan yogʼoch toʼsiqqa oyoq tirab oʼtiradilar hamda yogʼoch tayoqni oʼrtadagi yogʼoch toʼsiqqa parallel holatda oʼzlariga tortishga urinadilar. Bu sport turi qoʼl, oyoq, yelka va qorin sohasi mushaklarining kuchli boʼlishini talab qiladi. Musobaqa raqiblardan biri ketma-ket ikki karra gʼalaba qozongunga qadar ikki yoki uch raund davom etadi. Raqiblarning biri yogʼoch tayoqni oʼzi tomonga koʼproq torta olsa yoki ikkinchi ishtirokchi sport snaryadini qoʼlidan chiqarib yuborsa, gʼoliblikka erishadi.

Taʼkidlash joizki, Enter Engineering kompaniyasi homiylaridan biri boʼlgan terma jamoamiz turnirda munosib ishtirok etdi va 1 ta oltin, 4 ta kumush hamda 16 ta bronza medallariga erishgan holda umumjamoa hisobida uchinchi oʼrinni egalladi. Quvonchlisi, kompaniyamiz vakili Аhrorjon Erkinov ham sovrindorlar safidan joy olib, bronza medallaridan birini qoʼlga kiritdi. 

— Chempionatda ishtirok etganimdan, Oʼzbekiston va Enter Engineering sharafini munosib himoya qila olganimdan juda xursandman, — deydi turnir sovrindori Аhrorjon Erkinov. — Sovrinli oʼrinni egallash oson boʼlmadi, musobaqada katta tajribaga ega kuli raqiblarga roʼbaroʼ boʼldim. Shu bois ham bu sovrin juda qadrli. Kelgusida oʼz natijalarimni yanana yaxshilashga imkon tugʼiladi va dunyo chempionatida qatnashishga muvaffaq boʼlaman, deb umid qilaman.

<

Sportchilarimizga kelajakda omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz!

Biz ham tavsiya qilamiz