Kibersportchilarmizning munosib muvaffaqiyati

04.09.2023
Поделиться:

Eng mashhur kompaniya va firmalar jamoalari ishtirok etgan, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan anʼanaviy CAD CORPORATE CUP 3 kibersport bo‘yicha musobaqalarda Enter Engineering terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.

Bu yil uning ishtirokchilari CS:GO yo‘nalishida o‘zaro bellashdi, musobaqaning mukofot summasi 18 million so‘mni tashkil etdi. Jamoamiz tarkibida Kamran Yakubov, Aleksandr Tegay, Timur Turayev, Ahmadbek Davletov, Diyorbek Tolipov, Akmalxon Abdujabbarov, Mixail Ashurovlar ishtirok etib, kuchli raqiblarni ortda qoldirdi va yarim finalga yetib bordi. Unda esa musobaqa natijasida g‘oliblikni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan G-Core terma jamoasi ustunlik qildi va biznikilar natijada uchinchi o‘rinni egallab, 3 million so‘mdan iborat sovrinli chekni qo‘lga kiritishdi.

— Ko‘rsatgan natijamizdan behad xursandmiz, — dedi Enter Engineering yetakchi mutaxassisi Kamran Yakubov. — Turnir oson kechmadi, o‘yindan-o‘yinga kuchimiz ortib bordi va jamoamiz yaxshi natijalar ko‘rsata boshladi. Yarim finaldagi mag‘lubiyatning salbiy kayfiyati hali yodimizda bo‘lsa-da, natijadan va bunday nufuzli turnirda Enter Engineering sharafini munosib himoya qilganimizdan mamnunmiz.

Taʼkidlash joizki, raqiblarimiz qatorida – IT-Park, Anor bank, Artel, G-Core va Venkon kabi firmalari vakillari bo‘lib, ular avval ham bu kabi musobaqalarda omadli ishtirok etishgan. Mazkur omil yutug‘imizning qay darajada salmoqli ekanidan darak beradi va kibersportchilarimizni mamlakatdagi yetakchi jamoalar darajasiga ko‘taradi.

Turnirning umumiy natijalari bilan tanishtiramiz — “bronza” Enter Engineering kompaniyasiga nasib qildi, ikkinchi o‘rinda Uztelecom jamoasi, g‘alabani esa G-Core terma jamoasi qo‘lga kiritdi va CAD CORPORATE CUP 3 ning bosh sovriniga muyassar bo‘ldi.

Biz Enter Engineering jamoasini ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklab, kelgusidagi musobaqalarda yuqori o‘rinlarni egallashlarini tilab qolamiz!

Biz ham tavsiya qilamiz