Enter Engineering xodimlari uchun ijtimoiy tadbir

18.09.2023
Поделиться:

Toshkentda Enter Engineering xodimlari uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Kompaniyalar guruhi PR-departamenti tomonidan Aakash Healthcare Tashkent Hospital (Hindiston) ixtisoslashtirilgan kasalxonasi bilan hamkorlikda navbatdagi ijtimoiy aksiya tashkil etildi. Mazkur aksiya bu yo‘nalishdagi birinchi tadbir emas, balki bir muddat avval tibbiyot xodimlarining ko‘rigidan UzLITI Engineering loyihalash markazi xodimlari ham bahramand bo‘lgan edi.

Sentyabrning quyoshli tongida ko‘rik uchun ro‘yxatdan o‘tgan har bir kishi maxsus ajratilgan avtobusda manzilga yetkazib qo‘yildi. Qirqqa yaqin Enter Engineering xodimlarining klinika negizidagi tibbiy ko‘rigi yuqori malakali mutaxassislar tomonidan amalga oshirildi.  

— Navbatdagi aksiyada ishtirok etganimizdan bexad xursandmiz, — dedi terapevt mumaxassisligiga ega bo‘lgan klinika bosh shifokori Saugata Chatterji. — Tadbirdan maqsad kompaniya xodimlarining salomatligini mustahkamlash hamda kasalliklarning oldini olishga qaratilgan. Bu kasalliklarning alomatlarini aniqlash va o‘z vaqtida davolash uchun zarur choralarni ko‘rish uchun yaxshi imkoniyatdir. 

Bosh shifokorning taʼkidlashicha, ko‘rikka tashrif buyurganlar shamollash, yo‘tal kabi mavsumiy kasalliklar bo‘yicha murojaat etdi, ayrimlar esa qon bosimi bilan bog‘liq noxushliklardan aziyat chekishini bildirdi. Shifokorlar eʼtibor bilan bemorlarni tekshirib, kerakli muolajalar, aniq tashhes qo‘yishda hamda davolash uchun muhim bo‘lgan qo‘shimcha maʼlumotlarni beruvchi tahlillarni belgiladi. Bundan tashqari, keyinchalik klinikada davolanishni istagan barcha xodimlarga 20 foizli chegirma mavjudligi ham tahsinga loyiqdir.

— Ko‘rikka Olmaliqdan yetib keldim, — dedi 3-MBF loyihasida faoliyat yurituvchi loyiha-ishlab chiqarish guruhi rahbari Stanislav Belogrudov. — Tadbir shanba kunida o‘tkazilayotgani juda qulay bo‘ldi. Muolajalarni o‘tish hamda yana qanday tekshiruvlar mavjudligi haqida maʼlumotga ega bo‘lish uchun vaqt bemalol bo‘ladi. Tashkilotchilar va mutaxassislarga foydali tadbir uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bir taklifim bor: bu kabi tadbirlar joylarda ham o‘tkazilsa yaxshi bo‘lardi. Misol uchun, 3-MBF da. O‘ylaymanki, xodimlar bunday imkoniyatdan bajonidil foydalangan bo‘lar edi.

Tadbir yakunida ishtirokchi va mutaxassilar bir birlariga minnatdorchilik bildirib, bu kabi aksiyalar Enter Engineering xodimlarining sog‘ligini mustahkamlashda va natijada kompaniya ravnaqi oshishida muhim omil bo‘lib xizmat qilishini taʼkidlab o‘tdi. 

Biz ham tavsiya qilamiz