Enter Engineering vа Humo Arena xаyriya аktsiyasini oʼtkаzdilаr

05.12.2022
Поделиться:

Enter Engineering, ijtimoiy masʼuliyatli kompaniya boʼlgani holda, aholining eng himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy-maʼnaviy qoʼllab-quvvalash maqsadida doimiy ravishda keng koʼlamli xayriya tadbirlari oʼtkazib keladi. Xususan, koʼmakka muhtoj kishilarga bevosita yordam qoʼlini choʼzish xayrli anʼanaga aylangan. 

2 dekabr kuni, Xalqaro nogironlar kuni arafasida Enter Engineering va Humo Arena koʼp funktsiyali muz saroyi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi xayriya tadbiri boʼlib oʼtdi. Tadbir doirasi Toshkent shahar Yakkasaroy tumani nogironlar jamiyatining 50 nafar aʼzosi va ularga hamrohlik qilgan kishilardan iborat guruh muz saroyiga tashrif buyurdilar.

Humo Arena ga qulay avtobuslarda yetib kelgan mehmonlar samimiylik ila kutib olindi, har bir mehmonda uygʼongan koʼtarinki kayfiyat tadbir davomigacha saqlanib turdi. 

Mehmonlarni qarshilash marosimidan soʼng ular uchun muz saroyining eʼtiborga sazovor joylari boʼylab ekskursiya tashkil etildi, ushbu goʼzal inshootning bunyod etilish tarixi haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, mehmonlarda muz saroyida mavjud retro-avtomobillar muzeyi va sport musobaqalarida qoʼlga kiritilgan sovrinlar koʼrgazmasi unutilmas taassurot qoldirdi. Mehmonlar uchun «Xumo» professional xokkey klubining koʼrgazma mashgʼulotlari koʼrsatildi.

Аlbatta, tadbirda bayram dasturxoni ham yozildi. Tashkilotchilar toʼkin dasturxon atrofida jam boʼlgan mehmonlarni qoyilmaqom tarzda tayyorlangan osh bilan siyladilar.

— Biz ushbu tadbirda ishtirok etganimizdan juda baxtiyormiz, — deydi Toshkent shahar Yakkasaroy tumani «Mehribonlik» nogironlarga ijtimoiy oʼzaro koʼmak koʼrsatish jamiyati raisi Zulfiya Yakubova. — Tashkilotchilarga barcha ishtirokchilar nomidan chuqur minnatdorchilik izhor etaman. Bu Enter Engineering va Humo Arena maʼmuriyati tomonidan koʼrsatilayotgan birinchi insonparvarlik yordami emas, bunday gʼamxoʼrlik va mehr-muruvvat qalblarimizga quvonch bagʼishlaydi. Eng muhimi, bu gʼamxoʼrlik chin yurakdan qilinayotganiga ishonchimiz komil! 

Har bir ishtirokchi uchun alohida hozirlangan sovgʼalarning topshirilishi tadbirning yoqimli yakuni boʼldi. Tadbirga shaxsan tashrif buyurolmagan kishilarga sovgʼalar tashkilotchilar tomonidan manzilli tarzda yetkazib berildi. 

Boʼlib oʼtgan tadbir bilan fotolavhalarimiz orqali batafsil tanishishingiz mumkin.

Biz ham tavsiya qilamiz