Mingbuloq uzra yorqin mash’ala

16.09.2022
Поделиться:

Namangan viloyatining Mingbuloq tumani ma’muriy markazi hisoblangan Jumashuy posyolkasidan bor-yo‘g‘i o‘n kilometr uzoqlikda, Sirdaryoning chap qirg‘og‘i bo‘yida Mingbuloq koni skvajinalari joylashgan. Yaqinda bu yerda yangi zamonaviy sanoat inshooti – mash’alasi 50 metr balandlikka ko‘tarilgan neftni qayta ishlash qurilmasi ishlay boshladi.

— Enter Engineering kompaniyasi 2021 yilning mart oyida Namangan viloyatidagi Mingbuloq konida neftni tayyorlash qurilmasini barpo etish loyihasini boshlagan edi, – deydi O‘NG-1 loyihalari direksiyasi vakili, ushbu loyiha rahbari Jamshid Qalandarov. – Joriy yilning avgust oyi boshida mazkur obyektda bizning qimmatbaho ma’danlarga boy zaminimiz hamda O‘zbekistonning qudratli sanoat zanjirida navbatdagi mustahkam halqa ramzi o‘laroq mash’ala yondirildi. Bugun butun jamoamiz bajarilgan ishlar va uning natijalaridan chuqur mamnuniyat his qilmoqda. Ishonchimiz komilki, yaqin kelajakda bu bunyodkorlik iqtisodiy jabhada katta samara berishni boshlaydi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 15.12.2019 yildagi «Qazib olinishi qiyin bo‘lgan zahiralarga ega bo‘lgan konlardan neft qazib olishni va uglevodorodlarni qayta ishlash hajmlarini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan. Buyurtmachi «Sanoat Energetika Guruhi» bo‘lib, loyihalashtirish ishlarini GRDS kompaniyasi bajardi. Qurilish maydoni bosh rejasi sohaga oid tegishli normativ hujjatlar asosida ishlab chiqilgan. 

Korxonaning boshqa barcha qurilish maydonlarida bo‘lgani kabi bu yerda ham loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish va obyektni o‘z vaqtida bitkazish uchun barcha shart-sharoit muhayyo etildi. Ishlar vaxta rejimida tashkil etildi, qurilishga tajribali, malakali mutaxassislar jalb qilindi. Oshxona va yotoqxonaga ega, to‘liq jihozlangan turar-joy shaharchasi ishchilarning to‘laqonli maishiy hayoti va dam olishini ta’minladi. Ishchilar soni ham oz emasdi – qurilish ishlari qizg‘in pallada bo‘lgan davrda obyekt qurilishiga 200 dan ortiq ishchi, 35 ta texnika birligi jalb qilindi.

Loyiha doirasida asosiy ishlab chiqarish maydoni, jumladan, kirish liniyalari bloki, alohida separatsiya maydoni, neftni tindirgichi va isitgichi, neft va qatlam suvini uzatib beruvchi nasoslar, kondensat kollektori, sanoat nefti, qatlam suvi va chuchuk suv uchun rezervuarlar (har birining hajmi 50 m3), drenaj uchun sig‘im, avtomatik yuklash punkti, mash’ala qurilmasi va gazni siqish bloki qurildi. Shuningdek, yordamchi zona tarkibiga kirgan ishlab chiqarish va yomg‘ir suvlarini oqizish uchun drenaj idishi, elektr taqsimlash paneli, yoqilg‘i bakiga ega dizel elektr stansiyasi, bug‘lanish havzalari, OPF (APSS) uchun nazorat va monitoring tizimi bilan jihozlangan operatorlar xonasi hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan laboratoriya ham qurib bitkazildi. 

— Ayni paytda Mingbuloq konidagi neftni tayyorlash qurilmasi ishlab chiqarish quvvatiga erishdi, – deydi neft tayyorlash va tashish bo‘yicha yetakchi texnolog Burxonidin Qodirov. – Yer qa’ridan olingan neftsaqlovchi suyuqlik tarkibidagi suyuqlik va bosimni o‘lchangandan so‘ng tozalovchi inshootlarga uzatiladi, separatordan o‘tkazish barobarida hamroh gazlar ajratib olinadi, bu gaz keyingi bosqichlarda liniya isitgichlari uchun yoqilg‘i sifatida ishlatiladi. Shundan so‘ng, neft pech orqali tindirgich idishlarga o‘tadi va u erda belgilangan standartga muvofiq tovar holatiga keltiriladi. Butun jarayon tajribali operatorlar tomonidan nazorat qilinadi, laboratoriya mutaxassislari esa xomashyo va quduqlar tarkibini doimiy tarzda tekshirib, zarur tahlillarini bajarib boradilar.

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish va ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish yo‘lida yana bir muhim qadamdir. Mingbuloq neft konining o‘zlashtirilishi viloyatning sanoat quvvatini sezilarli darajada oshiradi. Enter Engineering kompaniyasining ahil jamoasi o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani a’lo darajada bajargan holda bu ijobiy natijalarga munosib hissa qo‘shdi. 

 

 

 
Biz ham tavsiya qilamiz