Kongress-markaz: biznes uchun yangi imkoniyatlar

22.07.2022
Поделиться:

Xalqaro kongress-markazi Silk Road Samarkand sayyohlik markazi loyihasi doirasida bunyod etilgan zamonaviy mehmonxonalar, xiyobon va dam olish zonalari, konseptual restoranlar va tamaddixonalar, «Abadiy shahar» noyob tarixiy-etnografik majmuasi qatorida o‘ziga xos sara inshoot hisoblanadi.

SSMda nafaqat butun dunyodan keladigan sayyoh mehmonlar uchun, balki ishlarmonlik hamjamiyati vakillarining biznes-forumlar, rasmiy uchrashuvlar, muzokaralar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish uchun ham sharoitlar muhayyo etilgan. Aynan shu maqsadda biznes-segment vakillari uchun ikki qavatli kongress-markaz qurib bitkazildi. Uning o‘lchamlari kishini hayratga soladi: umumiy maydoni 28600 m2, balandligi 20 metr, kengligi esa 182 metrga teng. Tadbirlar tashkilotchilari o‘z ehtiyojlariga ko‘ra va o‘tkazilajak tadbirning maqsadi, ko‘lamidan kelib chiqqan holda 2 ta tantanalar zali, 11 muzokaralar zali yoki 3 ta luanj-zonalardan birini tanlashlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga asosiy tantanalar zali hisoblanmish Grand Ballroom transformatsiya qilinishi hisobiga yaxlit katta zaldan bir nechta kichik zallarga aylanishi ham mumkin.

Shu tariqa XKMda qariyb 3500 nafar mehmonlar uchun MICE formatidagi tadbirlarni tashkil etish va yuqori saviyada o‘tkazish imkoniyati yaratilgan. Binoning fasad qismida zamonaviy uslubga moslangan an’anaviy o‘zbek naqshlari va bezaklaridan foydalanilgan. Tarixiy va an’anaviy uslubning birgalikda namoyon bo‘lishi betakror ranglar uyg‘unligini, o‘ziga xos sharqona ruhiyat va ko‘tarinki ishchanlik muhitini yaratgan.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu markaz eng nufuzli xalqaro biznes tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazishga munosib inshootdir. Bu kabi obyektlar Samarqandning obro‘sini yangi pog‘onaga ko‘taradi, uni nafaqat tarixiy markaz, balki butun Markaziy Osiyo hududidagi yirik ishbilarmonlik polisiga aylantiradi. Ishbilarmonlik olami elitasi kongress-markaz afzalliklarini munosib baholab, foydali shartnomalar va yangi biznes-loyihalar uchun investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishish maqsadida tarixiy va navqiron Samarqandga oshiqib qolishlari aniq. Bu esa, o‘z o‘rnida Vatanimizning yanada taraqqiy etishiga xizmat qiladi.

Istiqboldagi bunday ijobiy o‘zgarishlar Enter Engineering kompaniyasining Silk Road Samarkand sayyohlik markazidek ulug‘vor loyihani ro‘yobga chiqarishga hissa qo‘shgan har bir xodimini behad quvontiradi. 

 

 

 
Biz ham tavsiya qilamiz