“O‘zbekiston gaz uzatish tizimi yuragi” yubiley sanasini nishonlamoqda

26.10.2021
Поделиться:

«Gazli» – Buxoro shahridan 100 km uzoqlikda joylashgan O‘zbekistondagi eng yirik gaz konlaridan biri. O‘zbekiston gaz uzatish tizimi yuragi hisoblangan, Rossiya, Xitoy va Qozog‘istonga gaz eksport qilishda muhim ahamiyat kasb etuvchi ushbu kon bugun o‘zining yubileyini nishonlamoqda. Bundan roppa-rosa 65 yil avval, 1956 yilda, Buxoro viloyatida “Gazli” koni ochilgan edi.

Ayni paytga kelib, ushbu konda gaz zaxiralari kamayib ketgan, biroq u qulay hududda joylashgani, yirik hajmda gaz saqlash imkoniyatiga ega bo‘lgani va gaz transport tizimida joylashgani bois bu yerda O‘zbekistondagi eng yirik yerosti gaz saqlash ombori yaratilgan. 2018 yilda “Gazli” yerosti gaz saqlash omborini rekonstruksiya qilish va foydalanish uchun topshirish maqsadida Rossiyaning “Forus” AJ va “Neftegazinvest” kompaniyasi o‘rtasida Gazli Gas Storage qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad – gaz saqlash ombori hajmini uch milliard kubometrdan o‘n milliardgacha ko‘paytirishdir. 2019 yildan boshlab obyektlarda ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.

Ushbu qutlug‘ sana – “Gazli” konining 65 yilligi munosabati bilan biz Gazli Gas Storage korxonasi rahbari Jabriyev Otabek Akbaraliyevichni suhbatga chorladik.

- Otabek Akbaraliyevich, sizni “Gazli” konining 65 yillik yubileyi bilan qutlaymiz. Ushbu bayram qanday nishonlanadi? Axir bu juda muhim voqea.

- Tabrik uchun katta rahmat. Ha, siz haqsiz, biz uchun bu muhim voqea. Bizning asosiy korxonamiz “Gazli” konida joylashgan bo‘lib, 1956 yil 26 oktabr ushbu noyob konning shonli tarixi boshlangan kun. Ungacha “moviy xazina” asrlar davomida yer ostida “yashirinib” kelgan. “Gazli” konining ochilishi yangi gaz va neft qazib olish bazasini paydo bo‘lishiga va mamlakat yoqilg‘i-energetika sohasi tuzilmasini yaxshilashga imkon yaratdi. Shu sababli biz loyiha asoschilari bilan uchrashuv o‘tkazdik, mehnat faxriylari bilan suhbatlashdik. Shuningdek neft va gaz sohasi ishchilari ishtirokida “Avlodlar uchrashuvi”ni tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bundan tashqari, Buxoroda “Gazli koni 65 yoshda” deb nomlangan tantanali tadbirni o‘tkazish mo‘ljallangan. Ishchilarimizni esdalik sovg‘alari va mukofotlar bilan taqdirlaymiz.

- O‘zingiz haqingizda biroz so‘zlab bersangiz.

- Men Samarqandda tug‘ilganman. Otam iqtisodiyot fanlari doktori, professor, onam vrach-kardiolog. Ota-onamni ideal oila namunasi va o‘zimning eng birinchi ustozlarim, deb bilaman. 2004 yilda men bakalavr diplomini qo‘lga kiritdim, so‘ng Moskvada o‘qib, magistr bo‘ldim. Mehnat faoliyatimni ERIELLda boshladim, ushbu kompaniya men uchun katta tajriba maktabini o‘tadi. Oilaliman, ikkita o‘g‘lim bor.

- Sizning nazdingizda omad nima?

- Aytish qiyin... Sizning nazaringizda omadli odam qanday bo‘ladi, bilmadimu, men uchun omad — bu o‘z imkoniyatlarini namoyon etish va maqsadga erishish. O‘ylashimcha, 150 dan ortiq mutaxassislar jalb etilgan mutlaqo yangi loyihada ishtirok etish va zimmamizdagi yangi vazifalar bizga har qanday sharoitda omadga erishish talabini qo‘yadi. Ayni vaqtda, ma’lum ma’noda faoliyatimizning muayyan natijalarini ham ko‘rishimiz mumkin. Natija va omad esa hamisha birgalikda keladi, sohamiz borgan sayin kollegiallikka, ya’ni bamaslahat ish ko‘rish tamoyiliga yuz burmoqda, endilikda biz yosh, g‘ayrat-shijoatli, chuqur bilimli va natijalar mohiyatini anglovchi va ular bilan bo‘lisha oluvchi mutaxassislardan iborat jips jamoaga aylanganmiz. Maqsadlarga erishishda yanada ishg‘or, yosh mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashishi, kasbga doir bilimlar bilan bo‘lishishi katta ahamiyatga ega. Har bir ishchi shunchaki texnik ijrochi emas, balki umumiy jarayonning to‘laqonli ishtirokchisidir. Bu kasbda omadga erishish xususidagi fikrim. Omad tushunchasi keng ma’noli – u nafaqat faoliyatni, balki shaxsiy hayotni ham o‘z ichiga oladi. Shu ma’noda aytishim mumkinki, ha, men omadli odamman.

- - YEGSOni kengaytirish bo‘yicha loyiha hozir qaysi bosqichda, uning yakunlanishiga qancha vaqt qoldi?

- Ushbu investitsion loyiha kompleksli tartibda amalga oshirilmoqda va u «Gazli» YEGSOda gaz saqlash hajmini bosqichma-bosqich oshirish, gaz va neftning yangi sathlarini izlash-razvedka qilish va yakuniy ishlab chiqish, gaz qazib olinishini qayta tiklash va neft qazib olish ko‘lamini oshirishdan iborat. Loyiha 2019 yildan, uglevodorodlarning qoldiq zaxirasini aniqlash uchun konda izlash-razvedka qilish ishlari boshlangan hamda loyihani ro‘yobga chiqarish konsepsiyasi yaratilgandan buyon amalga oshirilmoqda. Bugungi kund loyihaning birinchi bosqichi parametrlari ma’lum qismi bajarib bo‘lindi: izlov-razvedka ishlari yakunlandi, geologik zaxiralar qayta tasdiqlanmoqda, gazni qazib olish qayta tiklandi, neft qazib olish ko‘lami oshdi va eng muhimi – YEGSOni kengaytirish (mavjud 3,0 mlrd. kub.m.dan 6,0 mlrd. kub.m.gacha, yiliga )bo‘yicha burg‘ilash va yangi kon obyektlarini, kompressor quvvatlarini qurish, mavjud obyektlarni jihozlash va modernizatsiyalashga oid birinchi bosqich ishlari boshlab yuborilgan. Xususan, 21 km uzunlikdagi jamlanma kon gaz quvuri qurilishi, shuningdek gazni YEGSOdan gazni tortib olish uchun ikkita, har biri 41 MVt quvvatga ega bo‘lgan gaz haydovchi agregatlarga ega, O‘zbekiston va unga qo‘shni mamlakatlarda muqobili bo‘lmagan siquv kompressor stansiyasi qurilishi boshlangan.  

YEGSOni kengaytirish bo‘yicha birinchi bosqichga oid asosiy ishlarni 2022-23 yillarda yakunlash kutilmoqda.

YEGSOni kengaytirish bo‘yicha ikkinchi bosqich ishlarini 2025 yilda boshlash rejalashtirilgan va u burg‘ilash hamda yangi kon obyektlari, kompressor quvvatlari qurilishini nazarda tutadi.

- Aytingchi, ushbu loyiha O‘zbekiston ichki bozori uchun, ayniqsa, qish mavsumida gaz yetkazib berish muammosini hal etadimi?

- Loyiha konsepsiyasi ham aholi, ham sanoat iste’molchilari o‘rtasida gaz iste’molida mavjud mavsumiy notekisliklarni ma’lum darajada kompensatsiyalash imkoniyatini oshiradi. Shuningdek loyihaga ko‘ra, qazib olinayotgan gazni qisman, ayniqsa, qish mavsumida O‘zbekistonning ichki bozoriga yo‘naltirish nazarda tutilgan. Bizning vazifamiz – mana shu qo‘yilgan maqsadlarga erishish.

- YEGSO necha yil xizmat qiladi, keyingi rekonstruksiya uchun ehtiyoj qachon paydo bo‘lishi mumkin?

- «Gazli» YEGSO 90-yillarda barpo etilgan va qariyb 30 yildan buyon xizmat qilmoqda. Loyihamiz mohiyati YEGSO hajmini kengaytirish, uning mavjud obyektlar bilan kompleks ravishda yana uzoq yillar ishlashini ta’minlashdan iborat. Bir vaqtning o‘zida kompaniyamiz oldida turgan maqsadlardan biri kon obyektlarini ta’mirlash, modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish orqali uning amaldagi quvvatlarini saqlab turishdir.

- Otabek Akbaraliyevich, Sizga amaldagi va rejalashtirilgan barcha loyihalarni muvaffaqiyatli yakunlash va ekspluatatsiyag topshirishingizda omad tilaymiz. «Gazli» koni o‘z salohiyatini O‘zbekiston neft-gaz tarmog‘ida to‘liq namoyon etsin va xalqimiz farovonligi yo‘lida ko‘p yillar xizmat qilsin.

 

 
Biz ham tavsiya qilamiz