Hamkorlikdagi xayrli amal

03.12.2021
Поделиться:

Enter Engineering va Eriell kompaniyalari tomonidan poytaxtimizning Yakkasaroy tumani «Mehribonlik» ijtimoiy o‘zaro yordam nogironlar jamiyati uchun hamkorlikda tashkil etilgan xayriya aksiyasi o‘tkazildi.

Bundan 20 yil oldin, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 3 dekabr Xalqaro nogironlar kuni deb e’lon qilindi. Ushbu kun, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga saxovat qo‘lini cho‘zish uchun yana bir sababga aylanib, nogironlik muammolari haqida xabardorlikni oshirish va ularga barcha uchun ochiq bo‘lgan inklyuziv jamiyatning yaratishga qaratilgan e’tiborni ta’minlamoqda.

Enter Engineering va Eriell kompaniyalari butun faoliyati davomida nogironligi bor, g‘amxo‘rlikka muhtoj kishilarga beminnat yordam qo‘lini uzatib, doimo ularga moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda.

Jamiyat a’zolarining aksariyati nafaqat sog‘ligi borasida, balki moliyaviy jihatdan ham muammolari bor kishilardir. Bu ko‘p hollarda mavjud ijtimoiy xizmatlarning sifati va o‘z vaqtida ko‘rsatilmasligi bilan bog‘liq bo‘lib, oqibatda ular kundalik hayotda ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelishmoqda.

«Mehribonlik» jamiyati Yakkasaroy tumani bo‘linmasida 79 nafar turli guruhdagi nogironlar, uzoq yillar davomida tashqi dunyo bilan qisman aloqa qilishga imkoni bo‘lmagan, to‘shakka mixlangan insonlar ro‘yxatga olingan. Jamiyat a’zolari orasida mehnat fronti faxriylari, Chernobil AESda yuz bergan avariyani bartaraf etishda jabr ko‘rganlar, shu bilan birgm, tug‘ma nuqsonli bolalar, kam ta’minlangan oilalar mavjud.

Enter Engineering va Eriell kompaniyalari vakillari jamiyat a’zolarini HUMO Arena muz majmuasida kutib oldi va ularga oziq-ovqat mahsulotlari choyshablar, sochiqlar va eng zarur maishiy mahsulotlar jamlanmasini topshirdilar. Shuningdek, kompaniya xodimlari mehmonlar bilan suhbatlashib, ularga tashrif uchun minnatdorchilik bildirishdi.

«Mehribonlik» ijtimoiy o‘zaro yordam nogironlar jamiyati Yakkasaroy tumani bo‘limi rahbari Zulfiya Yoqubova ushbu tashkilotning barcha a’zolari nomidan minnatdorchilik so‘zlarini bildirdi:

««Eng avvalo, Enter Engineering va ERIELL kompaniyalari rahbariyati va ishchi-xodimlariga bizga ko‘rsatilgan mehr-muruvvat hamda g‘amxo‘rlik uchun cheksiz minnatdorchilik bildiramiz. Bizning nodavlat notijorat tashkilotimiz 1992 yildan, ya’ni tashkil topganidan boshlab nogironlarga har tomonlama yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Ularni huquqiy himoyalash, ish bilan ta’minlash, sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash borasida yordam beramiz. ERIELL va Enter Engineering ning xayriya tadbirlari bizga jamiyatimiz va yurtdoshlarimiz uchun qadrli ekanligimizni, bizning ham o‘z o‘rnimiz borligini tasdiqlaydi».. 

««Bugungi xayriya tadbiri uchun jamiyatimiz a’zolari nomidan rahmat aytaman, — deydi jamiyat a’zolaridan biri Svetlana Saidzoda Sa’diy, – Jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarning aksariyati ko‘pchilik uchun odatiy bo‘lgan qulayliklardan foydalana olmaydilar. Shu boisdan bugun biz uchun haqiqiy bayram, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bizga g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatilgan bunday paytlarda biz yolg‘iz emasligimizni, ERIELL va Enter Engineering kompaniyalari ko‘magiga doimo suyanishimiz mumkinligini yana bir bor anglaymiz».

Shu kuniyoq Enter Engineering va ERIELL kompaniyalari vakillari to‘shakdan turolmay qolgan nogiron kishilar xonadoniga borib, ularga atalgan xayriya yordami va soqg‘alarni manzilli tarzda yetkazib berdilar.

Odatda, xayrli ish qilish qiyin emas. Muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish orqali ularning o‘z taqdiri va muammolari qarshisida yolg‘iz emasligini anglatamiz. Har kim bunday xayr-saxovatga hissa qo‘shishi, bu bilan atrofdagilarga biroz bo‘lsa-da yaxshi kayfiyat ulashishi mumkin.

 

 

 
Biz ham tavsiya qilamiz