«Mexribonlik» bolalari uchun bayramga aylangan kun

23.09.2021
Поделиться:

21-sentabr-Jahon tinchlik kuniga bag‘ishlangan xayriya tadbiri. 105 ta bola, ular - Toshkent shahri Yashnabod tumanidagi 30-son «Mehribonlik» bolalar uyi tarbiyalanuvchilari - eng kichiklari endi yetti yoshga kirgan, kattalari hademay o‘n yetti yoshga kiradi... Murg‘akligidanoq hamma kabi bo‘lolmaslik, hamma kabi yasholmaslik taqdiriga bitilgan bir yuz beshta dilpora yurak. Ular – jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar, lekin boshqa jihatlariga ko‘ra, boshqa tengdoshlaridan kam farq qiladilar, ya’ni ular ham mehrga, e’tiborga chanqoq, hayotlarida bayram va xursandchiliklar ko‘p bo‘lishini istaydilar. Eng muhimi, bir fazilat ularga juda xos: bolalar uyi bolalari har qanday, hatto, arzimas g‘amxo‘rlikni ham qalban chuqur his etadilar, xursandchilik onlarida butun borlig‘i bilan quvonadilar va bu onlarni xotiralarida uzoq saqlaydilar...

Yaxshiyamki, mamlakatimizda bunday bolalar uchun mo‘ljallangan o‘nlab maxsus muassasalar mavjud bo‘lib, ularning barchasida bolalarning tarbiyalanishi, to‘laqonli bilim olishi, ma’naviy-jismoniy yetuk bo‘lib voyaga yetishi uchun sharoitlar yaratilgan. Ha, balki ular benuqson emasdirlar, ota-ona mehridan mahrumdirlar, lekin davlat miqyosidagi g‘amxo‘rlik va e’tibordan bebahra emaslar, bundan tashqari, turli nodavlat tashkilotlari, homiy kompaniyalar, shunchaki yaxshi odamlar ham ularga mehr-oqibat ko‘rsatadilar.

«Enter Engineering» Kompaniyalari guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB, Toshkent shahar IIBB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi, «Humo Arena» muz saroyi ma’muriyati va Enter Engineering kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan navbatdagi xayriya tadbiridan ko‘zlangan maqsad 30-son «Mehribonlik» bolalar uyining 28 nafar tarbiyalanuvchisi uchun madaniy-ko‘ngilochar sayohatni tashkil etish edi.

Barcha tashkiliy masalalar rejalashtirilgan sayohatni ko‘ngilli o‘tkazish va bolalar xavfsizligini ta’minlashga qaratildi. Bolalar maktabdagi darslar tugagach, qulay avtobusda yurtimizdagi eng katta sport-ko‘ngilochar majmuasi - «Humo Arena»ga yo‘l oldilar, u yerda maxsus gid bolalarga muz saroyi haqida so‘zlab berdi. Muz saroyi bo‘ylab qiziqarli ekskursiyadan keyin bolalar uchun eng yoqimli mashg‘ulot boshlandi – ular konkilar kiyib, muz ustida ucha boshladilar.

Yarqiragan muz ustida sirpanib uchayotgan bolalarning zavq-shavqqa to‘lib, quvonib-kulishlarini ko‘rib, bu baxtli onlar ularning shuurida yoqimli xotiralar sifatida muhrlanishiga amin bo‘ldik. Oldinda esa ularni muzda uchishdan ham qiziqroq mashg‘ulot, aynan esa, sigveylar va elektrokarlardagi sayr kutmoqda edi.

Bu texnikani ko‘rib ularning ko‘zlarida bolalarcha qiziquvchanlik uchqunlari porlab ketdi, ayniqsa, o‘g‘il bolalarda bu ajoyib transportlarning boshqarilishi haqida juda ko‘p savollar tug‘ildi. Ularning hamma savollariga yo‘l patrul xizmati va turistik politsiya xodimlari erinmasdan javob berdilar.

Barcha yoqimli sarguzashtlardan keyin bolalar va ularning tarbiyachilari «Diyet-kafe»da tuzalgan kechki taom dasturxoniga taklif etildilar.

Yosh mehmonlarimizni kuzatishdan avval ularning har biriga kompaniyamiz ishchi-xodimlari nomidan esdlik sovg‘alari taqdim etildi. Ular uchun tashkillashtirilgan maroqli sarguzashtlar, ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik va mehr uchun bolalar o‘z minnatdorchiliklarini sho‘x-shandon kulgulari va quvonch ila iymanib aytilgan «Katta rahmat!» degan so‘zlar bilan ifoda etishdi.».

 

Shuni kuni ma’lum vaqt o‘tib bizga bolalar uyi direktori Feruza Sobitovna Usmonxo‘jayeva qo‘ng‘iroq qilib, ushbu tadbir tashkilotchilariga qizg‘in minnatdorchilik bildirdi:

- Bolalar sayohatdan quvonchga to‘lib qaytishdi, darrov boshqa bolalarga o‘z taassurotlari va sarguzashtlarini zavq bilan so‘zlab, sovg‘alarini ko‘rsatishdi. To‘g‘ri, muassasamiz to‘liq davlat ta’minotida, hamma narsamiz yetarli, lekin chetdan ko‘rsatilgan e’tibor bolalarimiz uchun juda qadrli. Ular jismoniy noqisligiga qaramay juda intiluvchan, qiziquvchan. Ko‘pchiligi hunar o‘rganishadi, qizlar tikish-bichish, pazandachilikka, o‘g‘il bolalar turli jihozlar yasashga qiziqishadi, ba’zan ular yasagan buyumlar ustalarnikidan ham yaxshi chiqadi. Bizda 16 ta turli yo‘nalishdagi to‘garaklar, jumladan, sport va musiqa to‘garaklari ochilgan. Bolalar bilan defektolog-pedagoglar, murabbiylar tinimsiz ishlashadi. Biz ularning kam-ko‘stlikni his qilmay voyaga yetishlari, hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solayapmiz. Bunda bizga mutasaddi tashkilotlar, «Enter Engineering» kabi kompaniyalar yaqindan ko‘mak ko‘rsatishmoqda. Kompaniyaga o‘z loyihalarini amalga oshirishda muvaffaqiyat, izchil taraqqiyot va xayrli ishlarida omad tilayman!

 

 

 
Biz ham tavsiya qilamiz