Buxoroda xalqaro konferensiya

26.01.2022
Поделиться:

22 yanvarda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti tomonidan professor, tibbiyot fanlari doktori, Enter Engineering kompaniyasining Salomatlik muhofazasi bo‘limi rahbari Ma’mur Abdurahmonovning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlab «COVID-19 pandemiyasi davrida zamonaviy tibbiyot va ta’lim tizimida qo‘llanadigan axborot texnologiyalari» mavzusida ilmiy-amaliy, o‘quv-uslubiy xalqaro konferensiya tashkil etildi. Konferensiya uchun tuzilgan mazmunli dasturga ko‘ra, tadbir qisman onlayn-tartibda tashkil etilib, natijada ellikdan ortiq mahalliy va xorijlik xorijlik yetuk mutaxassislarning to‘laqonli ishtiroki ta’minlandi.

Konferensiyaning rasmiy ochilish marosimi «Sahid Zarafshon» mehmonxonasining Katta majlislar zalida bo‘lib o‘tdi. Unda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev, Respublika ixtisoslashgan angionevrologiya jarrohlik markazi direktori Shavkat Karimov, Immunologiya va inson genomikasi instituti direktori Tamara Aripova va xorijliy mehmonlar, xususan: RFA va RTFA akademigi, t.f.d., professor Amiran Revishvili, RFA muxbir a’zosi, professor Oksana Drapkina, Dog‘iston davlat tibbiyot universiteti rektori v.b., t.f.d., professor Visampasha Xanaliyev, Uelsdagi (Buyuk Britaniya) tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchisi, vatandoshimiz Ulug‘bek Nurmatov, iqtidorli shifokor Moskvadagi tibbiy yo‘nalishdagi adabiyotlar chop etiluvchi eng katta noshirlik uyilaridan biri vakili Ruslan Mamedov va boshqa dunyo tibbiyot olamida taniqli bo‘lgan shaxslar tabrik so‘ziga chiqdilar. So‘zga chiqqanlarning barchasi hurmat va ehtirom ila yubilarning tibbiyot rivoji sohasiga qo‘shgan ulkan hissasini e’tirof etish barobarida ushbu tadbirning hozirgi pandemiya sharoitida juda dolzarb ekanligini ta’kidladilar.

«Ma’mur Mustafoyevich yetakchi va ilg‘or mutaxassis, mamlakatimizda angionevrologiya sohasiga tamal toshi qo‘yganlardan biri bo‘libgina qolmay, ajoyib pedagog, umuman tibbiyot sohasining katta jonkuyari hamdir, - dedi jumladan o‘z so‘zida Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov. – U kasb-koriga taqazosi yuzasidangina emas, balki butun qalbi va shuuri bilan shifokordir, qo‘li yengil jarrroh, qalbi mehrga to‘lib-toshgan bag‘ri keng insondir. Zero, shunday fazilatli insongina o‘zgalar dardiga malham bo‘la oladi. Aynan shu insonning jonkuyarligi va sa’y harakatlari, tashkilotchilik qobiliyati sharofati bilan viloyatda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati sezilarli tarzda yaxshilandi. Bugungi tadbirda dunyoning eng ko‘zga ko‘ringan, ilg‘or mutaxassislari ishtirok etayotgani ham professor Abdurahmonovning ellik yillik mehnat faoliyati davomida dunyo tibbiyot olamida obro‘ va nufuzga erishganini tasdiqlaydi. Bunday mutaxassislar, tom ma’noda buyuk bobokalonimiz, tibbiyot otasi Ali Abu ibn Sino dahosiga munosib izdoshdirlar».

Konferensiya ikkita sekitsyada Zoom platformasiga bog‘lanish orqali onlayn-kuzatuv va ishtirok etish imkoniyati bilan tashkil etilgani ishtirokchilar uchun katta qulaylik tug‘dirdi. Tadbirning birinchi qismida zamonaviy tibbiyotning jarrohlik, neyrojarrohlik, travmatologiya, bolalar jarrohligi, onkologiya, oftalmologiya, reanimatsiya, intensiv terapiya, akusherlik va ginekologiya kabi tarmoqlariga oid masalalar bo‘yicha fikr yuritilgan bo‘lsa, kunning ikkinchi qismida yana ikkita seksiya parallel ravishda oflayn va onlayn rejimlarda ish boshlab, ularda «Ta’lim berish jarayonida axborot texnologiyalari», «Nevrologiya, infeksion kasalliklar, gigiyena va atrof muhit» kabi qator mavzular haqida so‘z bordi. Konferensiya ishida tibbiyot olami nufuzli arboblari, xususan, Rossiya, Dog‘iston, Ozarbayjon, Tojikiston va o‘zbekistonlik akademiklar, taniqli professorlar va olimlar, tibbiyot fanlari doktorlari va nomzodlari, tibbiyot yo‘nalishidagi yirik mahalliy va xorijiy oliygohlarning professor-o‘qituvchilari tarkiblari vakillari qatnashdilar.

Tadbir amaliy masalalar yuzasidan takliflarga boy tarzda, do‘stona ruhda o‘tdi. Muhokama uchun qo‘yilgan mavzular ishtirokchilar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi, shu bilan birga har bir ishtirokchi o‘z fikrini bayon etish hamda boshqa ishtirokchilarning «COVID-19»ga va bu virus keltirib chiqaradigan boshqa xastaliklarga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy tajribasiga oid foydali ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

 

 
Biz ham tavsiya qilamiz