Mehnatni muhofazasida profilaktika madaniyatini oshirish

06.05.2022
Поделиться:

Enter Engineering kompaniyasi yil sayin Butunjahon mehnat xavfsizligi kuniga ulkan e’tibor qaratib kelmoqda. Har yili mazkur bayram munosabati bilan mehnatni muhofaza qilish sohasida turli mavzulariga bag‘ishlangan tadbirlar uyushtiriladi. 2022 yilning 27-29 aprel kunlari O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi ko‘magida «SKMQ» loyihasida metodologik seminar va o‘quv-uslubiy mashg‘ulotlari tashkil etildi. Mazkur tadbir «Mehnatni muhofaza qilishda profilaktika madaniyatini yuksaltirish» shiori ostida o‘tkazildi. Unda Enter Engineering kasaba uyushma qo‘mitasining mas’ul xodimlari va MM, TX, AMH va YHX Departamentining yetakchi mutaxassislari ishtirok etishdi.

Ishtirokchilar va mutaxassislar Samarqand viloyatidagi «Kompleks mineral o‘g‘itlarni ishlab chiqaruvchi kimyo majmuasi» qurilishi maydoniga yetib kelgach, bu yerda rekonstruksiya bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks ishlar jarayoni, himoya va havfsizlik uskunalari hamda yong‘indan himoya qilish ko‘rgazmasi bilan tanishdilar.

O‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Nurjan Bekbaum boshchiligida mutaxassislar jamoasi tomonidan birlamchi o‘t o‘chirish vositalaridan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Zero, o‘quv mashg‘ulotlarining samaradorligi ko‘p jihatdan ko‘rsatmalar asosida o‘zlashtirilgan ko‘nikmalar va erishilgan natijalarga bog‘liq.

O‘t o‘chirish texnikasi va mobil texnika vositalaridan foydalangan holda haqiqiy olov o‘choqlarini o‘chirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallash maqsadida o‘tkazilgan birlamchi o‘t o‘chirish vositalari ko‘rgazmasidan so‘ng yong‘inni o‘chirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etildi. O‘quv mashg‘uloti yuqori professional saviyada va qizg‘in muhokamalarga boy tarzda o‘tdi.

Seminar ochilishida kompaniya kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Bobir Kenjayev tabrik so‘zi bilan chiqdi. Uning «Kasaba uyushmasi tashkiloti jamoaning ijtimoiy rivojlanishidagi muhim sharti sifatida» mavzusidagi nutqi barcha tinglovchilarda ulkan qiziqish uyg‘otdi va ishtirokchilar tomonidan iliq kutib olindi.

Seminarning birinchi qismida ishtirokchilar e’tiboriga turli mavzular bo‘yicha ma’ruzalar havola etildi: MM, TX, AMH departamenti bosh mutaxassisi Rustam Shomurodov; O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Sobirjon Egamberdiyev; «CNPC- Aktobemunaygaz» AJ filiali «Aqtobemunayservis» boshqarmasi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti raisi Almat Tuksubayev; Sog‘liqni saqlash xavfsizligi boshqarmasi bosh mutaxassisi Jumaniyoz Polvonov; MM, TX, AMH departamenti yetakchi mutaxassisi Shuhrat O‘rinov; MM, TX, AMH departamenti ekologi Qodir Ergashev ma’ruzalar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Seminar-konferensiya kun tartibida madaniy dasturga ham o‘irn berilgan bo‘lib, ishtirokchilar Samarqandning madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar tomonidan kompaniyaning kasaba uyushmasi qo‘mitasi rahbariyatiga tashkilotchilik uchun minnatdorchilik aytilib, Enter Engineering hududiy loyihalaridan biri asosida bunday uchrashuvlarni o‘tkazish an’anaviy tarzda davom ettirilishiga umid bildirildi.

 

 

 

 
Biz ham tavsiya qilamiz