FINAL O‘YINI FUTBOL SHOUSIGA AYLANDI!

31.05.2021
Поделиться:

Futbol nafaqat bellashuv, balki futbolchilarning ulkan jismoniy va ruhiy mehnati, ishqibozlarning zavqlanishi, hayqiriqlari va o‘z jamoasi uchun qayg‘urishidir. Bunda o‘yinning miqyosi va darajasi ahamiyatsiz, ya’ni, hox jahon chempionati doirasidagi o‘yin yoki havaskor jamoalar o‘yini bo‘lsin, hox bolalarning ko‘cha o‘yini bo‘lsin, futbol va adrenalin so‘zlari hamisha bir ma’noni anglatadi.

Fair Play Business Cup doirasida kecha Enter Engineering va Eriell jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan final o‘yini ham juda qiziqarli va qizg‘in kechdi. O‘yin tezligi va yuqori dinamikasi, har ikkala jamoa o‘yinchilarining ajoyib fintlari va improvizatsiyasi, chiroyli to‘p uzatishlar, darvozabonlarning mahorati ishqibozlarni butun o‘yin davomida hayajonda ushladi. Ishqibozlarning faolligi va zavqli hayqiriqlari ostida stadion tribunasi o‘yin oxirigacha “yonib- to‘lqinlanib” turdi.

Shak-shubhasiz, har ikki jamoa ham faqat g‘oliblikka intildi. O‘yinning o‘ta qizg‘inligiga qaramay, ikkala jamoa ham birinchi taym davomida o‘z darvozasini daxlsiz saqlashga erishdilar. Ikkinchi taym tugashiga oz qolganda Eriell jamoasi gol urishga muvaffaq bo‘ldi va bu gol o‘yinda yagona bo‘lib qoldi. Lekin golga yaqin holatlar, o‘tkir hujumlar har ikki darvoza oldida ham juda ko‘p bo‘ldi, balki shu sababli o‘yin juda qiziqarli kechdi va haqiqiy futbol shousiga aylandi.

Biz Eriell jamoasini Fair Play Business Cup 2021 dagi g‘alaba bilan tabriklaymiz va g‘oliblikning ikkita shohsupasi ham aynan bizning jamoalarimizga nasib etganidan xursandmiz. Enter Engineering jamoasi ham qiziqarli o‘yin namoyish etib, munosib raqib ekanligini isbotladi. Jamoa kapitani Oleg Parsegov turnirning “Eng yaxshi o‘yinchisi” deb topildi, o‘yinchimiz Farrux Muratov esa “Tomoshabinlar olqishi” mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Enter Engineering jamoasi havaskorlar sportini rivojlantirishdagi hissasi va Fair Play Business Cup – 2021 turniridagi munosib ishtiroki uchun Fair Play Diasa tomonidan maxsus mukofot bilan taqdirlandi.

Fotohisobot: https://disk.yandex.uz/d/QCL0f2PB_3jMYQ

 

 
Biz ham tavsiya qilamiz