Eng mohir suzuvchilar Samarqandda bеllashdilar

27.09.2022
Поделиться:

«Buyuk ipak yo‘li» STM ochilishi bilan nafaqat Samarqandning sayyohlik borasidagi imkoniyatlarini kengaytirdi, balki uni nufuzli xalqaro musobaqalar o‘tkazish mumkin bo‘lgan katta kentlar qatoriga ham qo‘shdi. Turizm markazi eshkak eshish kanali atrofida barpo etilgan bo‘lib, bunyodkorlik ishlari natijasida kanal qiyofasi va infrastrukturasi butkul yangilanib, endilikda bu yerda suv sportining eshkak eshish, suzish, triatlon kabi bir necha turlari bo‘yicha turnirlar o‘tkazish imkoniyayati paydo bo‘ldi.

Bu borada ochiq havzada suzish bo‘yicha 10-chi Osiyo chempionati birinchi qaldirg‘och bo‘ldi. 5 va 10 kilometr masofaga suzish bo‘yicha dunyoning eng kuchli stayeri nomiga erishish uchun Qozog‘iston, Bangladesh, Xitoy, Taybey, Gonkong, Iroq, Yaponiya, Hindiston, Ummon, Tojikiston, Quveyt, Falastin, Eron, Iordaniya kabi xorij mamlakatlaridan va o‘zbekistonlik 45 nafar sportchilar to‘plandilar.

— Eng avvalo, bunday nufuzli turnirning a’lo darajada tashkillashtirilgani va katta hajmli ishlar bajarilganini e’tirof etish lozim, — dedi Osiyo suzish federatsiyasi Bosh kotibi Taha Sulaymon al-Kishri. — Bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar sportchilarga musobaqalarga to‘liq kuch bilan hozirlik ko‘rish va eng yaxshi natijalarni ko‘rsatishga imkon berdi.

Musobaqalarning birinchi kuni 5 kilometr masofaga erkak va ayol sportchilar suzish bo‘yicha bellashdilar. Yaponiyalik suzuvchi Taishin Minamide deyarli finish chizig‘ida o‘z vatandoshi Taiki Nonakuni hamda Xitoy Taypeyi sportchisi Cheng-Chi Choni ortda qoldirib, g‘olib bo‘ldi. Ayollar o‘rtasida bellashuv g‘olibligi ham kunchiqar mamlakat vakilasi Yukimi Moriyamega nasib etdi, gongkonglik Sz Yin Nip ikkinchi, qozog‘istonlik Mariya Fedotova uchinchi o‘rinni egallashdi.

Reglamentga ko‘ra, ikkinchi kun sportchilar uchun hordiq kuni etib belgilangan edi. Tabiiyki, ular bu kunni nafaqat keyingi kun musobaqalariga tayyorlanish, balki tarixiy va navqiron Samarqand shahri yodgorliklarini tomosha qilish bilan o‘tkazdilar. Shahar bo‘ylab ekskursiya chog‘ida ular qadimiy kentning ajoyib tarixi haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Uchinchi, bellashuvlarning oxirgi kuni suzuvchilar murakkab hisoblangan 10 km.lik masofani zabt etishga kirishdilar. Har bir sportchi yuqori texnik mahorat, iroda kuchi va chidamlilikni namoyon etgani bois, bellashuv juda qizg‘in va murosasiz kedi.

Erkaklar o‘rtasida yana yapon sportchisi Taishin Minamidega teng keladigani topilmadi, pirovardda u har ikki distansiyada ham g‘olib bo‘lib, chempionatning mutlaq sovrindoriga aylandi. Shohsupaga jumladan ikkinchi o‘rinni olgan Cheng-Chi Cho (Xitoy Taypeyi) va uchinchi o‘rin sohibi Taiki Nonaka (Yaponiya) ham ko‘tarilib, yoqimli yulduzli onlarni boshdan kechirdilar.Ayollar o‘rtasida eng yaxshi ko‘rsatkich Yu Ven Teng (Xitoy Taypeyi)ga tegishli bo‘ldi, 5 km.lik masofa bellashuvida bo‘lganidek gonkonglik Sz Yin Nip yana ikkinchi va qozog‘istonlik Mariya Fedotovalar yana uchinchi o‘rinni egalladilar.

— Har ikki distansiya g‘olibi bo‘lganimdan juda baxtiyorman, — dedi ikki karra Osiyo chempioni Taishin Minamide. — Ikkita oltin medal mashg‘ulotlarga jiddiy yondashganim mevasidir. Samarqand tom ma’noda men uchun baxt keltirgan shaharga aylandi.

Ochiq havzada Osiyo chempionati ishtirokchilari o‘z vatanlariga qaytishdi. Enter Engineering kompaniyasining ahil jamoasi mehnati bilan bunyod etilgan «Buyuk ipak yo‘li» Samarqand turizm markazi esa ngi musobaqalarga hamisha shaydir. Shubhasizki, bunday musobaqalar sog‘lom turmush tarzi va sportni keng omma o‘rtasida targ‘ib qilish, O‘zbekistonning xalqaro sport olamida nufuzli mamlakat sifatida obro‘ orttirishiga xizmat qiladi.

 
Biz ham tavsiya qilamiz